O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti


2020-10-13

Hozirda xalqaro iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish tendensiyalari va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligining oshib borishini hisobga olgan holda, bojxona organlari kadrlarini kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3995-sonli qarori muhim qadam bo‘ldi. Mazkur qaror bilan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Oliy harbiy bojxona instituti O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti etib qayta tashkil etildi hamda bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim hamda ilmiy-metodik muassasa sifatida belgilandi. Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda o‘qitish tizimini takomillashtirish maqsadida bojxona organlari uchun kadrlarni bazaviy va amaliy professional tayyorlash, shuningdek, o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lash, moddiy ta’minot belgilashni ta’minlagan holda ikki bosqichli, ya’ni o‘qish muddati 4 yildan iborat bo‘lgan “Bojxona ishi” va “Yurisprudensiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash)” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlarni hamda o‘qish muddati 1 yil bo‘lgan “Bojxona ishi (faoliyat turlari bo‘yicha)” va “Soliq va bojxona huquqi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlarni tayyorlash amalga oshiriladi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha nomutaxassislik fanlarining hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka o‘tashdan iborat o‘qitish tizimiga o‘tildi. Institutga har o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 150 nafar kursantlar qabul qilinadi. Magistraturaga qabul esa belgilangan kvotalar doirasida amalga oshiriladi. Institutda Bojxona ishi fakulteti hamda Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetlari mavjud bo‘lib, ular tarkibida 10 ta kafedra faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda, institut tuzilmasi takomillashtirildi, jumladan, Axborot texnologiyalari va modellashtirish markazi, Til va psixologik tayyorgarlikni rivojlantirish markazi, Bojxona nazorati texnik vositalari o‘quv laboratoriyasi kabi yangi tarkibiy tuzilmalar tashkil etilgan. Institutning tasdiqlangan shtat birliklari 134 ta, shundan professor-o‘qituvchilar 69 nafarni tashkil etib, ulardan 3 nafari fan doktori, ulardan 2 nafari professor; 24 nafari fan nomzodi, ulardan 17 nafari dotsent. Institutning ilmiy salohiyati 30%ni tashkil etadi. SHuningdek, hozirgi kunda institutning 12 nafar xodimlari mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Institut Axborot-resurs markazining elektron kutubxonasi, o‘quv xonalari, maxsus sinflari kompyuter texnikasi va boshqa vositalar bilan jihozlangan bo‘lib, o‘quv va badiiy adabiyotlar fondi 35 mingdan ortiq nusxani tashkil etadi. Hozirgi kunda institutning Axborot-resurs markazini “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘iga beg‘araz asosda ulash ishlari olib borilmoqda. Institut bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida Milliy kutubxona fondidan xodimlar va kursantlar uzluksiz foydalanmoqdalar. Shu bilan birga, kursant va tinglovchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Institutda mavjud o‘quv maydonchasi o‘quv bojxona posti, yo‘lovchi poezdi, avtobus, yuk avtomobili, bojxona laboratoriyasi bilan jihozlandi. Kompyuter va “Narkotik moddalar nazorati” interfaol sinflariga qo‘shimcha tarzda AQSHning “Eksport nazorati va chegaralar xavfsizligi” dasturi doirasida “Eksport nazorati” va “Rentgen apparatlari tasvirini tahlil qilish” maxsus sinflari tashkil qilinib, Portal monitor (YANTAR-1P), Rentgen apparati (RAPISCAN 618) va boshqa nazorat texnik vositalari (radiaktiv moddalar tarkibini aniqlash qurilmalari MKS03,“IdentiFINDER”) hamda Rentgen qurilmalari simulyatori “SimFox” dasturi bilan jihozlandi. Kursantlarning axborot kommunikatsiya-texnologiyalaridan, DBQ YAAAT tizimiga kiruvchi dasturlardan to‘laqonli foydalanishlari uchun o‘quv serveri tashkil qilinib, 10 dan ortiq dasturlarning o‘quv versiyalarida ishlash imkoniyati yaratilgan. Mashg‘ulotlar sifatini oshirish, dars o‘tish jarayoniga yangi innovatsion va pedagogik texnologiyalarni joriy etish maqsadida o‘quv auditoriyalari kompyuter, ekran va proektorlar, lingafonlar, “FLIPBOX” interfaol doskalari va boshqa o‘quv hamda nazorat texnik vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, dars mashg‘ulotlarida ulardan keng foydalanib kelinmoqda. Institutda sport - sog‘lomlashtirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida ochiq va yopiq sport maydonlari, suzish havzasi, basketbol, voleybol, tennis korti, harbiy tayyorgarlik maydoni, trenajer xonalari va sport anjomlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, institut kursantlari sog‘ligini doimiy nazoratda tutish maqsadida Tibbiyot xizmati, sifatli oziq-ovqatlar bilan ta’minlovchi maqsadida kursantlar oshxonasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Institut xalqaro aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Federal bojxona xizmatining Rossiya bojxona akademiyasi, Latviya Respublikasining Riga texnika universiteti, Ozarbayjon Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona akademiyasi, Belarus Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Qayta tayyorlash va malaka oshirish Davlat instituti o‘rtasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda olib borish, tajriba almashish yo‘nalishlarida ikki tomonlama bitim va memorandumlar tuzilgan. Kursantlarda ozod Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlashga bor kuch-g‘ayratini sarflash, konstitutsiyaviy tartib, O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Vatan himoyasi uchun axloqiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik, xizmat burchiga sodiqlik, yuksak fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-axloqiy ishlar davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tizimli tashkil etilgan.