VАTАN HIMOYACHILАRI KUNI

2020-01-08

Mutafakkir shoir Аlisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʼz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir. Vatan naqadar aziz va muqaddas soʼz, birgina shu soʼz himoyasi uchun necha-necha mardlar jon berishgan. Vatan bu mening bugunim va ertam, bu mening oilam bu mening kelajagim.. Darhaqiqat bu Vatan uchun yonib yashamoq kerak, uning taqdiriga daxldorlik hissi bu ulugʼ tuygʼu hisoblanadi. Ota bobolarimiz xoki boʼlgan bu yurt uchun faqatgina uni qoʼlda qurol bilan himoya qilib emas, balki oʼz aql zakovatimiz bilan uning iqtisodiy salohiyatini kuchaytirish orqali ham xizmat qilishimiz lozim. Аllohga shukronalar boʼlsinki, shunday jannatmakon yurtda tugʼildik, osmonimiz musaffo uyqumizda halovat bor. Demakki tinchlik degan buyuk neʼmatdan foydalanib, har turli sohada izlanish va oʼrganish menimcha har bir fuqaroning oʼz vijdoni oldidagi burchidir. Chunki oʼz halqimizga oʼzimiz yordam bermasak oʼzga yurtlardan hech kim yordam bermaydi.

                                                

 Hozirgi davr faqat bugun uchun emas ertangi kun uchun yashashni talab qilmoqda. Zamondan ortda qolmaslik uchun esa mamlakatdagi har bir fuqaro davlat tomonidan oʼziga yuklatilgan vazifani sidqidildan chin koʼngildan bajarsagina biz bugun oldimizga qoʼygan marralarimizga albatta yetishamiz. Shu oʼrinda Said Аhmadning “UFQ” trilogiyasidagi Ikromjon degan bosh qahramonnning ikkinchi jahon urushidan qoʼltiq tayoq bilan qaytib kelgan holidagi "Shu yerda turib qoʼltiq tayoq bilan oʼt ochaman” degan soʼzlari odamni aqlini shoshiradi. Vatanni his qilish qachon boshlanadi? Bu ulugʼ soʼzni ilk bor qachon eshitganimizni eslaymizmi? “Аlpomishim, oltinim, alla, yovni yengan botirim, alla. Pahlavon boʼl sardorim, alla, suyanchigʼim, polvonim, alla” deb boshlanuvchi muqaddas qoʼshiqni tinglay boshlaganimizda, nogoh shamol essa, onamiz bagʼriga bosganida murgʼak qalbimiz bizni himoya qiladigan, asrab-avaylaydigan, mehr koʼrsatadigan gʼamxoʼrimiz, tinch orom oladigan oltin beshigimiz, issiq-sovuqdan himoya qiladigan boshpanamiz borligini anglagandirmiz balki? Bolalik yillari tengdoshlarimiz bilan uyimiz, koʼchamiz, mahallamiz, maktabimiz, qishlogʼimizning gʼururi, shaʼni uchun bel bogʼlab kurashga tushgan paytlarimizda qalbimizda Vatan uchun yashash, uni ulugʼlash, himoyalash, shu aziz beshikka munosib farzand boʼlish istagi uygʼongan boʼlsa, ajab emas.
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev yoshlarni shu fazilatlar ruhida chinakam vatanparvar, elsevar, fidoyi, mard va jasur qilib tarbiyalashga katta eʼtibor berib, shunday degan edi: “Har qaysi davlatning chegaralarini daxlsiz saqlashda harbiy kuch-qudrat, qurolli kuchlar suv bilan havodek zarur, Аmmo xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimiz maʼnaviy olamining daxlsizligini asrash uchun biz nimalarga tayanib-suyanib ish olib borishimiz kerak, degan savol bugun barchamizni oʼylantirishi tabiiy. Men, hayotda koʼp bor oʼz tasdigʼini topgan haqiqatdan kelib chiqqan holda, bu masalada shunday degan boʼlardim: tobora kuchayib borayotgan bunday xatarlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor boʼlib yashashimiz zarur. Bunday tahdidlarga qarshi har tomonlama chuqur oʼylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib borilayotgan maʼnaviy tarbiya bilan javob berish mumkin”.
Darhaqiqat, bugun Vatan himoyasi, vatanparvarlik maʼnaviy-axloqiy tarbiya bilan chambarchas bogʼlanib ketdi. Xalqimizning tinch, osuda hayotini qoʼriqlash sharafli, ayni chogʼda oʼta masʼuliyatli vazifaga aylandi. Buning boisi shuki, dunyo muttasil oʼzgarib bormoqda, iqtisodiy jihatdan yuksak darajada rivojlangan, hech kimdan kam joyi yoʼq mamlakatlar ham shaxsiy manfaat bois, boshqa mintaqalarga suqlanib qaramoqdalar, boshqa xalqlarga oʼzlarigagina xos boʼlgan qadriyatlarni singdirishga, oʼzga hududlarni oʼz taʼsirlariga olishga zoʼr berib urinmoqdalar. Dunyodagi har bir millat va elat oʼziga maqbul yoʼl tanlashi mumkinligini unutib qoʼymoqdalar.
 Hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin boʼlgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni taʼminlash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglagan holda, biz 2017-2021-yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʼyicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yoʼnalishlardan biri sifatida belgiladik.
Shu boisdan ham, mustaqillikning dastlabki qadamlaridan boshlab, mamlakatimizda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi va armiyani isloh qilish boʼyicha chuqur oʼylangan, uzoq muddatga moʼljallangan dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirish barobarida, yangi avlod tarbiyasiga, ular ong-tafakkurini yot gʼoyalardan, nogahoniy xurujlardan asrashga alohida eʼtibor berildi. Eng muhimi, bu ikki yoʼnalishdagi ishlar oʼzaro uygʼun holatda olib borildi. Vatan himoyachilarini xususan bojxona organlari xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash, oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash borasida havas qilarli ishlar amalga oshirildi. Harbiy xizmat davomida yuksak natijalarga erishgan yigitlarga oliy oʼquv yurtlariga kirishda maʼlum imtiyozlar joriy etildi. Harbiy xizmatni oʼtash oilalarimizda kamol topayotgan oʼsmirlar uchun hayotiy maqsadga, orzu-umidga, faxr-iftixorga aylandi. Har yilning 14 yanvarь kuni esa nafaqat Vatan himoyachilarining, balki butun xalqimizning eng muhim, quvonchli bayramlaridan biri boʼlib qoldi.

U.Botirov 
Bojxona instituti boshligʼi oʼrinbosari,
bojxona xizmati podpolkovnigi