Bojxona institutida “Vatanga qasamyod” tantanali tadbiri boʻlib oʻtdi

2021-10-13

    Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida “Vatanga qasamyod”ni qabul qilish tantanali tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati, mehnat faxriylari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

    

         Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari, bojxona xizmati polkovnig Qodirov Oʻtkirjon Gʻayratovich soʻzga chiqib, xalqimizning asriy orzusi boʻlgan mustaqillik tufayli mehnatkash, mard va saxovatli, bagʻrikeng va olijanob xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz uchun misli koʻrilmagan imkoniyatlar ochilganini taʼkidladi.

    

Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi oʻz soʻzida davom etar ekan, tadbirda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz yoshlarini sifatli taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida shaffof oʻtkazilgan test sinovlari natijasida kursant degan sharafli nomga sazovor boʻlganliklari bilan birinchi kurs kursantlarini samimiy tabrikladi.

   

Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqga yoʻllagan Murojaatnomasida 2021-yilni mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilishi ham Yangi Oʻzbekiston yoshlariga nisbatan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik siyosatining mantiqiy davomi boʻlganini aytib oʻtildi.

Shundan soʻng kursantlar qasamyod qabul qilishga kirishishdi. Har bir kursant “Vatanga qasamyodni” qabul qilar ekan, koʻzidagi hayajon uning qay darajada masʼuliyatli va sharafli kasbni tanlaganidan dalolat berardi. Ular Vatanimiz va xalqimizga sodiq boʻlishga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarini muqaddas bilgan holda unga rioya etishga, bojxona organlari  nizomlari, boshliq va komandirlarning buyruqlarini soʻzsiz bajarishga, oʻrnatilgan tartib va intizomga qatʼiy rioya qilishga tantanali ravishda qasamyod qildilar.

   

Tadbir davomida soʻz olgan DBQ Faxriylar uyushmasi raisi D.Qudriddinov kursantlarga kelgusidagi oʻqish va xizmat faoliyatida ulkan zafarlar tilab, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashda bor kuch-gʻayratlarini safarbar etishga va sodiq xizmat qilishga undab oʻtdi. 

  

Tadbirda 1-kurs kursanti D.Gʻaniyev ham soʻzga chiqib, davlatimizning yuksak eʼtibori hamda gʻamxoʻrligini doimo yodda tutgan holda xalq manfaatlariga xizmat qilishdek oliy maqsad bilan bilim olish, kelajakda yetuk mutaxassis boʻlishga vaʼda berdi.

“Vatanga qasamyod” tadbiri kursantlar saf maydoni boʻylab tantanali yurishi bilan yakunlandi.