«MARDLAR QO'RIQLAYDI VATANNI!» HARBIY-VATANPARVARLIK YO'NALISHIDAGI QO'SHIQLAR KO'RIK-TANLOVI BO'LIB O'TDI
Qurolli Kuchlar akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 30 yilligi hamda «14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni» munosabati bilan «Mardlar qo'riqlaydi Vatanni!» nomli harbiy-vatanparvarlik yo'nalishidagi qo'shiqlar ko'rik-tanlovi o'tkazildi. Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo'shinlari, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona instituti kursantlari Madaniyat vazirligi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi hamda O'zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil qilingan mazkur tanlovda harbiy-vatanparvarlik yo'nalishida ijod qilayotgan ko'plab professional ijodkorlar, bastakorlar, ijodiy va havaskor badiiy jamoalar, ansambllar, yakka ijrochilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar va o'quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tanlovda har bir ishtirokchi bir-birini takrorlamaydigan va badiiy saviyasi yuqori bo'lgan o'z qo'shig'ini ijro etdi. Eng muhimi, Vatan va vatanparvarlikni ulug'lovchi o'nlab qo'shiqlar va iste'dod egalari yuzaga chiqdi. Bu iste'dodlar tomoshabinlar tomonidan ham iliq kutib olindi. Bellashuvni kuzatish asnosida har bir ishtirokchining tanlovga puxta tayyorgarlik ko'rib kelganini yaqqol angladik. Bu esa ko'rik-tanlovning yanada qiziqarli va taassurotlarga boy bo'lishini ta'minladi. Tanlov yakunida barcha yo'nalish bo'yicha g'oliblar nomi e'lon qilindi va taqdirlandi.