Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ma'naviy-axloqiy tayyorgarligini takomillashtirish masalalariga bag'ishlarnag ilmiy-amaliy davra suhbati tashkil etildi
Ma'lumki, mamlakatning tinchligi va fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash Qurolli Kuchlar va huquqni mufofaza qiluvchi organlarning doimiy va bosh maqsadi bo'lib kelgan. Mazkur yuksak vazifani to'laqonli bajarilishida esa yuqori malakali, o'z kasbiga mas'uliyatli, burchiga sadoqatli, fidoyi va mard harbiy xizmatchilar hamda huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlarining o'rni beqiyosdir.
O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari saflarida xizmat qilayotgan xodimlarning umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, ma'naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, g'urur, iftixor, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori mas'uliyat hislarini oshirish bu sohada olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlarning ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ayni shu vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 11-yanvar kuni O'zbekicton Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona institutida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan “Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ma'naviy-axloqiy tayyorgarligini takomillashtirish masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, O'zbekiston Davlat jahon tillari universiteti professor-o'qituvchilari hamda ekspert-mutaxassislari, Bojxona instituti rahbariyati va xodimlari, kursantlari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqan professor-o'qituvchilar va olimlar tomonidan Taraqqiyot strategiyasi davrida harbiy xizmatchilar va huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlarining ma'naviy-ma'rifiy darajasi va axloqiy tarbiyasining xususiyatlari, ularni ruhiy-ma'naviy tarbiyalashda milliy qadriyatlarining roli, xizmatda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan kasbiy-axloqiy buzilish va uni oldini olish, shuningdek yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Darhaqiqat, qalbida o'z xalqiga sadoqati kuchli, xizmat burchiga fidokorona yondashadigan harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi, mamlakat tinchligi va daxlsizligini ta?minlay oladigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qila oladigan qudratli kuchga aylana oladi.
Bugun o'sib kelayotgan kelajakda harbiy bo'lib, Vataniga xizmat qilishni o'z taqdiri deb biladigan botir farzandlarimizni milliy ruhda, muqaddas Vatan taqdiri uchun mas'uliyat tuyg'usida tarbiyalashimiz harbir oilaning asosiy maqsadi bo'lmog'i lozim.
Tadbir davomida kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ma'naviy-axloqiy tayyorgarligini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.