BOJXONA INSTITUTI KURSANTLARI “TEMURBEKLAR MAKTABI” HARBIY-AKADEMIK LITSEYIGA TAShRIFI 

2022-02-16

    O‘zbekiston – ulug‘ allomalar, olim-u mutafakkirlarga beshik bo‘lgan makon. Keyingi yillarda bu zamin farzandlarining ota-bobolarga munosib avlod bo‘lishi, ilmli va zukko etib tarbiyalanishi yo‘lida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Xalqimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning, eng avvalo Amir Temurning bebaho merosi, Vatan ozodligi va farovonligi yo‘lida o‘zini qurbon qilgan zamondosh vatandoshlarimizning qahramonligi asosida, O‘zbekiston xalqiga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlarni  tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda bugun yuksak bilim va tafakkurga ega yoshlarni tarbiyalovchi iqtidorli bolalar maktablari, Prezident maktablari, «Temurbeklar maktabi», ijod maktablari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etilgani yoshlarimizning ta’lim-tarbiya olishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Sh.M.Mirziyoevning 2022 yil 7 yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy ta’lim muassasalariga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti tomonidan  joriy yilning 9 fevral  kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent Temurbeklar maktabi harbiy-akademik litseyida ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Ofitserlik mardlar kasbi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.  

 


    Tashrif davomida maktab faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirilib, maktab o‘quvchilariga Bojxona instituti va unda yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, institutda tahsil olayotgan bo‘lg‘usi bojxonachilar mamlakat iqtisodiy xavfsizligi sohasida faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tildi.
    Tadbir davomida Bojxona instituti va Temurbeklar maktabi harbiy-akademik litseyi bilan o‘quv-tarbiyaviy ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilab olindi.
    Tashrif davomida Institut kursantlariga Temurbeklar maktabi bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi.