“Bojxona xizmatlarini raqamlashtirishning zamonaviy tendensiyalari" nazariy yondashuvlar va amaliy tajribalar mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2022-04-22

Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida “Bojxona xizmatlarini raqamlashtirishning zamonaviy tendensiyalari: nazariy yondashuvlar va amaliy tajribalar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 
Unda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari, kursantlari, amaliyotchi mutaxassislar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi sohaviy boshqarmalari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Bojxona brokerlari uyushmasi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 
Tadbirni Institut boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Qodirov kirish so‘z bilan ochib berdi.

 


Ilmiy-amaliy davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2022 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish borasida raqamli iqtisodiyot doirasida zamonaviy va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bojxona sohasiga joriy etish orqali bojxona organlari faoliyati shaffofligi hamda samaradorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan, belgilab berilgan bir qator yangi vazifalar ijrosi yuzasidan amaliyotchi mutaxassislarning boy tajribalari, ular rahbarlik qilayotgan muassasalarda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy-nazariy qarashlari tahlil qilindi.
Xususan, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada jadallashtirish va investitsiyalarni faol jalb etish borasida:
- barcha xalqaro aeroportlarda “bojxonachisiz nazorat” tizimini ishga tushirish;
- bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirishda tadbirkor bilan bevosita muloqotsiz, masofaviy amalga oshirish;
- tovarlarning TIF TN kodi va bojxona qiymatini belgilash, bojxona to‘lovlaridan imtiyozli deklaratsiya rasmiylashtirishda korrupsion xavflar avtomatlashgan tizim orqali aniqlash;
- barcha elektron bojxona xizmatlarini “Yagona darcha” tizimi orqali ko‘rsatish;
- bojxona ko‘rigi jarayonini to‘liq qamrab olgan elektron tizimni ishga tushirish kabi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga  alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan ilmiy-amaliy davra suhbatida ishtirok etayotgan tizimning barcha yosh avlod vakillariga:
- texnik jihatdan tartibga solish tizimini raqamlashtirish borasida tadbirkorlik sub’ektlariga metrologiya, standartlashtirish, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yagona interaktiv xizmatlar portali orqali yangilash;
- intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatga qo‘yish, bojxona organlari bilan hamkorlikda intellektual mulk ob’ektlar Reestrini yuritish;
- TIF sub’ektlari, ya’ni biznes yuritish vakillarining bojxona tartibotlari raqamlashtirilayotganligi bilan yaqindan tanishtirish 
va ularning huquqiy savodxonligini oshirishda bojxona instituti bilan hamkorlikda qisqa metrajli roliklar tayyorlash;
- mobil ilovalar yaratish, joylarga chiqib o‘quv kurslarini joriy qilish;
- tizimni raqamlashtirish borasidagi g‘oya va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi, taklif va tavsiyalar berildi. 
Eng asosiysi, bojxona xizmatlarini raqamlashtirishning nafaqat mamlakat miqyosida, balkim xalqaro darajadagi ustuvor vazifalarga ham daxldor ekanligi borasida ham mulohazalar muhokama qilindi.
Yuqorida muhokama qilingan vazifalar qatorida magistrant va kursantlarning bojxonaga yondosh turli sohalardagi xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha ham amaldagi bilim va ko‘nikmalarni oshirishga oid qizg‘in va konstruktiv bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy davra suhbatida amaliyotchi soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar o‘z tizimlari faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, to‘plagan boy tajribalarini kursantlar bilan o‘rtoqlashdilar. Qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aniq va puxta javob olishdi. Tadbirda bildirilgan taklif-mulohazalardan kelib chiqib mazkur masala yuzasidan kelgusi ilmiy-amaliy tadbirlar rejasi belgilab olindi.