«Global o‘zgarishlar sharoitida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning istiqbollari» mavzusida talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi

2022-04-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrdagi PF-6097-son Farmoni bilan tasdiqlangan «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»da oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarga ilmiy faoliyat olib borish uchun zarur shart-sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish nazarda tutilgan. Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida 2022 yil 29 aprel kuni «Global o‘zgarishlar sharoitida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning istiqbollari» mavzusida talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.


Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya institutining talabalari Bojxona instituti kursant va tinglovchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi. 
Konferensiyaning maqsadi – tashqi iqtisodiy faoliyatni (keyingi o‘rinlarda – TIF deb yuritiladi) amalga oshirish jarayonida uchrayotgan muammolar va ularni hal qilishga qaratilgan talabalarning ilmiy hamda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan takliflarini ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, konferensiya davomida O‘zbekiston TIFini tashkil etishning nazariy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, TIFni rivojlanish jarayonida bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, shu bilan birga, TIFni rivojlantirishda raqamli texnologiyalarning tutgan o‘rni, TIFni iqtisodiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sohani yanada isloh qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Konferensiya davomida TIFni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, o‘zgarish va yangiliklar, jumladan iqtisodiyotning xususiy sektoridagi tadbirkorlik sub’ektlariga qulayliklar yaratish hamda preferensiyalar berish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Mazkur konferensiyada yurtimizda olib borilayotgan islohotlar jarayonida jadal rivojlanayotgan tashqi savdo sharoitida bojxona tartib-taomillarini takomillashtirishning dolzarb muammolari va istiqbollari yuzasidan yosh tadqiqotchilarning ilmiy qarashlari bayon qilindi.
Xususan, bojxona qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, bojxona tartib taomillarini soddalashtirish va umume’tirof xalqaro etilgan standartlarga muvofiqlashtirish, respublika eksport salohiyatini yanada oshirish, soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni takomillashtirish, bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv elektron xizmat turlarini ko‘paytirish masalalari tahlil qilindi. Shuningdek, tovarlar eksporti va importini tahlil qilish  orqali bojxona organlari tomonidan tashqi savdoni tartibga solishni liberallashtirishning asosiy yo‘nalishlari kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichi – iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish sur’atlari tobora yuksalib borayotganligi tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida ta’kidlandi. Xorijiy davlatlar tajribalarini inobatga olgan holda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, mavjud tartib-taomillarini soddalashtirish hamda takomillashtirish imkoniyatlari ta’kidlandi.

 


Yuqoridagilar bilan bir qatorda konferensiya ishtirokchilari tomonidan – Global o‘zgarishlar sharoitida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha qizg‘in va konstruktiv bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachilar tomonidan batafsil javoblar berildi. Konferensiya davomida turdosh oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarni o‘zaro fikr almashish hamda do‘stlashishga imkoniyat yaratildi. Shu bilan konferensiya o‘z nihoyasiga yetdi.