NAVROʻZ-SAXOVAT VA MEHR-MURUVVAT TIMSOLI!

2020-03-24

Navroʻz inson zotini tabiat bilan doimo uygʻun va hamohang boʻlib yashashga daʼvat etadigan, oʻzaro mehr-oqibat, qadr-qimmat, xayr saxovat ramzi va belgisidir.

Yurtimizda savob ishni har kim, har kun qilish kerak degan naql bor. Bir-biriga mehr muruvvat koʻrsatish ham bizlarga xos odatlardan biri sanaladi. Boquvchisini yoʻqotgan, yordamga muhtoj bolalarga hukumatimiz tomonidan alohida eʼtibor koʻrsatib kelinayotgani hech kimga sir emas.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda bu borada keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Mehrga muhtoj bolalar holidan xabar olish esa har birimiz uchun ham qarz, ham farz.

Soʻnggi paytlarda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga bagʻishlangan turli xayriya aksiyalar oʻtkazish odat tusiga aylangan. Bu bejiz emas albatta. Zero, jannatmakon diyorimizda mehr- oqibatli, muhtojlarga beminnat yordam berib kelayotganlar soni juda koʻp.

Kuni kecha Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti xodimlari tomonidan “NAVROʻZ-SAXOVAT VA MEHR-MURUVVAT TIMSOLI!” aksiyasi oʻtkazildi. Aksiya doirasida Bojxona institutida Bahoriy taom halim tayyorlanib, Toshkent shahridagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga taqdim etildi.