O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bakalavriati va magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida


2021-02-04

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bakalavriat va magistraturasiga jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va intellektual salohiyatga ega nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilishning samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2014-yil 3-iyundagi 141-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. Ganiyev va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2019-yil 29-aprel,

365-son

Lex.uz