Sadafdek sara ona tilim yoxud “svejiy”ning muqobili bor

Husniddin 21-10-2019, 10:03 40 UZ / YANGILIK / Yangiliklar


Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘ldi. Bu oz muddat emas, aslida. Chorak asr mobaynida bong urayotganimiz – o‘zbek tili muhofazasi yo‘lidagi chaqiriqlar, eslatmalar, tanqidlar bugun qay darajada o‘zini oqlayapti?
Keling, bugun aynan yutuqlar emas, bu boradagi ko‘zga tashlanayotgan kamchiliklar haqida so‘z yuritsak. Pedagogika fanlari doktori, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti professori Gulshan Asilova bilan qilgan suhbatimiz aynan shu haqda.
– Gulshan Asadovna, odatda oktabr oyining 21-sanasiga kelib, o‘zbek tili haqida tinmay suhbatlar, intervyular uyushtiramiz. Aybga yo‘ymang, bugungi gurungimiz ham aynan til bayrami arafasida bo‘layapti. Siz o‘zbek tilini dunyoga targ‘ib qilishda ishtirok etayotgan olima sifatida nima deysiz, aslida tilimiz qay darajada himoyaga muhtoj?
– O‘z tilini sevish yilda bir marta faqat til bayramidagina otashin nutq qilish, tantanali va ommaviy tadbirlar uyushtirish bilan belgilanmaydi. Nima uchun biz 21 oktabr yaqinlashganda o‘zbek tilimizni madh etishda faollashib ketamiz? Nimaga yilning boshqa kunlarida qanday so‘zlashayotganimiz, kundalik hayotimizda ko‘zimiz tushadigan yozuvlarning sifati qay darajada ekanligi, lug‘atimizga qancha yangi so‘zlarning kirib kelayotgani haqida qayg‘urmaymiz?
Davlat tili to‘g‘risidagi qonun ijrosi haqida gap ketganda, uning to‘liq bajarilmaganligi qayta-qayta ta’kidlanadi. Yuzlab normativ-huquqiy hujjatlarning ilovalari hanuzgacha davlat tilida tasdiqlanmaganligi dalillanadi. Buni bizga tashqaridan hech kim kelib tashkillashtirib bermaydi. Bunga asosiy sabab o‘zimizning, o‘zbek xalqining tilimizga e’tiborsizligimiz, bepisandligimizdir. Misol uchun, tobora dunyoni egallab borayotgan ingliz tilini olaylik. Angliya yoki AQSh ingliz tilining davlat tili sifatida rivojlanishini hech zamonda qattiq nazoratga olmagan. Ingliz tilining ommalashishi sabablari umuman boshqa ekanligi hammaga ayon.
– Shu joyda o‘zimizning bepisandligimiz, degan xulosangizga qo‘shilishdan oldin, aytmoqchimanki, balki biz o‘zbek tilida so‘zlab, lotin alifbosida yozishga o‘tganligimiz ham qandaydir uzilish, ommaviy savodxonlikdan chekinishga olib kelganini tan olish kerakdir, nima dedingiz? Chunki, ma’lum yillar mobaynida avlodlar o‘rtasida bir tilda so‘zlashib, lekin yozuvini tushunmaslik deyarli hamma oilada kuzatildi.
– Ha, bu bor gap. Bizda davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijrosi bilan bog‘liq muammolar amalda ikki xil alifbo qo‘llanayotganligiga bog‘lanadigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, har qadamimizda uchrayotgan sifatsiz, savodsizlarcha tayyorlangan yozuvlarning ko‘pligi, ularning imloviy nazoratdan o‘tmasligi uzoq yillardan beri turli soha vakillari orasida ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Lekin na yozuvlarning, na munozaralarning oxiri ko‘rinyapti. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, ilmiy ishlarda ham savodsizlik urchiy boshladi. Qisqa qilib aytganda, bo‘lar ish bo‘ldi... Bugungi kunda alifboning qay biridandir butunlay voz kechish yoki lotin yozuviga asoslangan alifbomizni tubdan isloh qilish kabi harakatlarning foydasidan zarari ko‘proq deb hisoblayman. Sababi bitta – butun bir avlodning lotin grafikasida savodi chiqib bo‘ldi. Endi orqaga qarab, aybdorlarni qidirishdan ko‘ra, mavjud holatning foydali jihatlarini ko‘rishga harakat qilaylik.
Masalaga xolis nazar bilan qarashga urinsak, amalda ikkita alifboning qo‘llanishi turlicha oqibatlar keltirganini ko‘rishimiz mumkin. Lotin grafikasidan kelgan zararning eng asosiysi, fikrimcha, imlo qoidalarining haddan tashqari chalkashib ketganligi, hanuzgacha ayrim so‘zlarning qanday yozilishi borasida bir to‘xtamga kelinmaganligida ko‘rinadi. Shuningdek, yozma til so‘zlashuv tiliga tobora yaqinlashib borayotganini kuzatyapmiz. Masalan, bundan o‘n-o‘n besh yil avval “boryapti ekan” iborasini adabiy tilda qo‘llash nojoiz hisoblanardi. Bunday misollar tobora ko‘payib bormoqda.
Biroq lotin grafikasining bugungi kunda muloqotning asosiy uskunasiga aylangan smartfonlardan foydalanishda juda qulay ekanligini tan olish kerak. Bu ayniqsa, yoshlarda moslashuvchanlikni rivojlantirdi. Lotin alifbosida savodi chiqsa-da, yosh avlod kirill alifbosidan bemalol foydalanadi.
– Tunov kuni baliqlarim uchun ko‘kat olayotsam, sotuvchisizlar-da “svejiy” so‘zining muqobili yo‘q, deya men bilan tortishdi. Bor, “yangi uzilgan” yoki “sarxil” bo‘ladi, desam, “Ya takix slov ne slыshala” deya turib oldi. Ammo meni quvontirgan narsa uning “sarxil”dan boshqa deyarli hamma o‘zbekcha so‘zlarni bilishi bo‘ldi. Gulshan opa, ayting-chi, o‘zbek tilini o‘rgatish vazifalari ayni paytda qay darajada amalga oshyapti?
– Ha, bu aslida juda mas’uliyatli soha. Bugun ko‘cha-ko‘yda, gazetalarda, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkentda o‘zbek tilini qisqa va samarali o‘rgatadigan kurslar, o‘qituvchilar, adabiyotlarga katta ehtiyoj mavjudligi to‘g‘risidagi e’lonlar ko‘p uchrayapti. Bir tomondan qarasa, o‘zbeklar uchun bu quvonarli hol. Masalan, men o‘zbek millatiga mansub bo‘lmagan odamlarning tilimda so‘zlashayotganini ko‘rsam, mamnunligimni yashira olmayman. Keyin o‘zbek tilini o‘rganishlarining sabablariga qiziqaman. Aksariyat hollarda ularni bunga hech kim majbur qilmaganligi oydin bo‘ladi. Bu esa tilni o‘rganishda xohish-iroda birinchi o‘rinda turishini tasdiqlaydi. O‘zini shu mamlakat farzandi deb hisoblaydigan har bir shaxs o‘zbek tilida so‘zlashishni xohlasa va bunga intilsa, biz haqiqiy ma’noda o‘zbek tilining munosib o‘rnini ta’minladik deb ayta olamiz.
Biroq, afsus bilan aytamanki, o‘zbek tilini o‘zga til sohiblariga o‘qitish qariyb 30 yildan beri o‘ta yuzaki tarzda amalga oshirildi. Maktabda, kasb-hunar o‘quv yurtlarida, oliy ta’limda boshqa til sohiblari uchun o‘zbek tili fani eng obro‘siz fan bo‘lib keldi. Bunga ham o‘zimiz aybdormiz. Chunki har qanday tilning muloqot uchun zarurligini e’tiborga olmadik. Masalan, dunyo bo‘yicha ingliz tilini o‘rganishning ko‘lamini olaylik. Ma’lumki, o‘rganuvchilarning aksariyati undan ta’lim olishda, ish jarayonida foydalanishni maqsad qilganlar. O‘zbek tili muayyan o‘rganuvchiga nima maqsadda kerak? Hujjatlar bilan ishlash uchunmi yoki mijozlar bilan og‘zaki muloqot qilish uchunmi? Balki o‘zbek adabiyotining shoh asarlarini originalda o‘qish uchundir? Tilni o‘qitish metodikasi, xususiyatlari ana shu maqsaddan kelib chiqishi lozim.
Bu borada qardosh xalqlardan turklarni misol keltirish mumkin. Ular qisqa vaqt ichida xorijliklar uchun nihoyatda samarali metodikalar asosida turk tilini o‘rgatishni yo‘lga qo‘ydilar. Til o‘rgatuvchi onlayn kurslar, ularning mobil ilovalari shunchalik ko‘pki, til o‘rganuvchi ularning ichidan o‘ziga mosini tanlab olaveradi. Bu tilni istalgan joyda, vaqtda va uzluksiz o‘rganish imkonini beradi. Xalqaro turizmning rivojlanayotgani, mehnat migratsiyasining o‘sib borayotganini nazarda tutsak, dunyoning turli burchaklarida ma’lum bir tillarni o‘rganishga ehtiyoj kuchayib borayotgani sabablari oydin bo‘ladi.
Bizda birinchi navbatda mutaxassislar muammosiga duch kelinadi. Pedagogika yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalarining o‘zbek tili fakultetlarida ona tili va adabiyot o‘qituvchilari tayyorlanadi. Biroq o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida, ya’ni til muhitida o‘rgatadigan hamda xorijiy til sifatida, ya’ni muhit yo‘q joyda o‘rgatadigan mutaxassislarni (ular esa, tabiiyki, har xil) tayyorlash hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmagan. Chunki zamon talabiga mos, sinalgan va samarasini ko‘rsatgan tizimli metodikaning o‘zi yo‘q.
Umuman, bizda o‘zbek tilining turli maqsadlarda o‘rganilishini tahlil qilib, biror jo‘yali taklif berish mumkin bo‘lgan lingvistik tadqiqotlar olib borilmaydi. O‘zbek tilini xorijliklarga tanitish muammosi dolzarb bo‘lib turgan holda, ushbu sohaga doir ilmiy tadqiqotlar bugungi kungacha barmoq bilan sanarli darajada oz. Dunyoning turli mamlakatlarida o‘zbek tiliga qiziquvchilar borligini bilamiz. Biroq ularga tilni o‘rganish bo‘yicha zamonaviy, samarali metodikani taqdim qilish aslida o‘zbekistonlik mutaxassislarning vazifasi.
– Bu borada xorijlik olimlarning izlanishlarini qanday baholaysiz? Sharq tillari ichida sadafdek saralab, o‘zbek tilini o‘rganayotgan filologlarning zahmatlari, ibratli jihatlari haqida to‘xtalsangiz.
· Boya aytganimdek, o‘zbek tiliga qiziqish katta. Buni AQSh, Yevropa mamlakatlari, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Turkiya va boshqa davlatlarda o‘zbek tili o‘qitilayotgani tasdiqlaydi. Biroq, ularning ehtiyojini qondiradigan adabiyotlarni biz ularga yetkazib bera olmayapmiz. Hozirgi kunda biz bir guruh olimlar bilan xorijiy tillarda so‘zlashuvchilar uchun o‘zbek tilini intensiv o‘rgatuvchi dasturli mahsulot yaratish ustida ishlayapmiz. Bu jarayonda biz, albatta, xorijda o‘zbek tilini o‘qitish borasida tajriba orttirgan mashhur olimlardan maslahatlar olyapmiz. Xususan, umrini Yevropada o‘zbek tili va adabiyoti, madaniyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlagan taniqli nemis olimasi, professor Ingeborg Baldauf bilan suhbatlarimiz davomida u kishi biz bilan o‘zbek tilini xorijliklarga o‘qitish samarasi haqidagi qimmatli fikrlarini o‘rtoqlashdi. Ingeborg xonim xorijliklar uchun o‘quv adabiyotlari yaratishda nimalarga e’tibor berish kerakligini o‘z tajribalari asosida tushuntirib berdi. Chunonchi, o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijliklar uchun, qator zamonaviy darslik va qo‘llanmalar bilan birga, shevalar lug‘atlarini yaratish ham zarurligini ta’kidladi.
· Shevalarning bugungi kunda hamma sohalarga kirib kelayotganiga qanday qaraysiz?
· O‘zbek tilining shevalari ko‘p. Shevalar esa, ma’lumki, tilning boyish manbai hisoblanadi. Bugun biz urbanizatsiya jarayonlarining tezlashishi o‘laroq yirik shaharlarda shevalar aralashuvining guvohi bo‘lib turibmiz. Biroq bundan qo‘rqish kerak emas. Zero, ko‘plab xorijiy tillarda adabiy tilga so‘zlashuv tili asos qilib olingan. Lekin shu bilan birga, shevalarning ommaviy axborot vositalari orqali beriladigan rasmiy ko‘rsatuv va eshittirishlar, publitsistik maqolalarga kirib borishiga qarshiman. Fikrimcha, shevada gaplashish madaniyati aynan shu shevani tushunadigan doirada unda so‘zlashish joizligini anglatadi. Shuningdek, muayyan sheva muloqotda undan aksariyat aholi foydalanadigan hududdagina o‘z o‘rnini topadi. Afsuski, bizda unday emas. Mabodo bir guruh o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar ichiga rusiyzabon ishtirokchi kirib qolsa, hamma darhol rus tilida gapirishga o‘tadi. Va aksincha, ko‘pchilikning ichida muayyan shevada so‘zlashuvchilarning vakili sifatida faqat o‘zining shevasida gapirish odatga aylanib qoldi. Darvoqe, mahalliychilikning ildizi ham boshqa hududlar aholisining shevasini, urf-odatlarini mensimaslikka borib taqaladi. Shu bois o‘zini ma’rifatli, tarbiyali va madaniyatli deb bilgan har bir o‘zbek adabiy tilda muloqot qilishni bilishi zarur deb o‘ylayman.
Mutaxassislarning fikricha, XXI asr o‘rtalariga borib dunyodagi tillarning qariyb yarmi iste’moldan chiqib ketar ekan. Bu ularning o‘lik tilga aylanishi demakdir. O‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning soni ko‘pligi bois tilimiz yaqin orada o‘lmaydi, deb umid qilamiz. Biroq biz yillar o‘tib avlodlarimizga qanday tilni meros qilib qoldiramiz, degan savolni o‘zimizga muntazam berib turaylik. Tilimizning kelajagini ta’minlash uchun uni dunyoga yoyish, o‘zbek tilining internetda qo‘llanishi doirasini kengaytirishimiz zarur. Bunda, albatta, so‘zlashuv tili emas, adabiy til ustunlik qilishi lozim.
– Gulshan opa, suhbat uchun tashakkur, ilmiy izlanishlaringizda omad yor bo‘lsin.

Manba: 
www.uza.uz

Yangiliklar

Bojxona ekspertizasi va tovarlarni tasniflash kafedrasi

Kafedraning o‘quv-uslubiy ishlari Kafedrada “Bojxona ishi” va “Yurisprudensiya (iqtisodiy

16.07.19 BETTF
O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi Bojxona institutida 2003-yildan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

16.07.19 O'XTK
Ma’naviyat va yoshlar tarbiyasi markazi

Ma’naviyat va yoshlar tarbiyasi markazi Bojxona institutining tarkibiy tuzilmasi hisoblanib,

16.07.19 MYTM
O‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodga

Institutga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar o‘zlarining doimiy ro‘yxatda turgan joyi

15.07.19 Hujjatlar to'plami
Iqtisodiy fanlar kafedrasi

«Iqtisodiy fanlar» kafedrasi Bojxona instituti tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

15.07.19 IFK

Bojxona instituti 2019
Chiqish